282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » Махтумкули » » онлайн чтение - страница 11

Читать книгу "Асарлар. Махтумқули"


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 17:20


Текущая страница: 11 (всего у книги 19 страниц)

Шрифт:
- 100% +

MUBTALO QILDI

 
Ayo, do‘stlar, falak jabri
Boshimni mubtalo qildi.
Ayirdi sevar bolamnan,
Yuragimni yaro qildi.
 
 
O‘tdi xushvaqt xurram vaqtim,
Buzildi tillodan taxtim,
Ul navnihol gul daraxtim,
Xazon bodi fano qildi.
 
 
Shum ajalga qayda chora,
Jabrindan qoldim bu zora.
Yuragimga soldi yara,
G‘arib jismim aro qildi.
 
 
Endi bir dam qarorim yo‘q,
Bul manzilda turarim yo‘q,
Bul so‘zdan hech xabarim yo‘q,
Xabarsiz benavo qildi.
 
 
Yonib parvonadek har dam,
Yuragimga to‘lib yuz g‘am.
Qaddim ham, ko‘zlarim purnam,
Bul jonimga jafo qildi.
 
 
G‘amidan o‘rtanib so‘zon,
Chekarman nola-yu afg‘on.
Firoqinda ko‘zim giryon,
Netay, naylay, gado qildi.
 
 
Maxtumquli qildi faryod,
Menim ahvolimg‘a hayhot!
Falakning dastidan ming dod,
Mening baxtim qaro qildi.
 

RAYGON AYLADI

 
G‘am-qayg‘uda aziz umrim so‘ldirib,
Shum falak azobim raygon ayladi.
Yozgan kitoblarim selga oldirib,
Ko‘zlarim izinda giryon ayladi.
 
 
G‘ofil qolib, dushman tegra-tashimiz,
Tarqatdi har yonga tengu to‘shimiz.
Besh yilda bir kitob qilgan ishimiz –
Qizilboshlar olib, vayron ayladi.
 
 
Bir nechamiz qo‘li bog‘li-qul bo‘lib,
Nechalar izinda sarg‘ayib so‘lib,
Kimi berib, aning bahosin olib,
Har kima bir naqdi baho ayladi.
 
 
Shum falak rahmi yo‘q, menga bildirdi,
Zor yig‘latib gul yuzlarim so‘ldirdi.
Qo‘lyozma-kitobim selga oldirdi,
Dushmanimni Jayxun daryo ayladi.
 
 
Nechalar dunyoda bo‘ldi bir kishi,
Nechaning og‘zini to‘ldirmas oshi.
Nechaning motamdan qutulmas boshi,
Kecha-kunduz vovaylato ayladi.
 
 
Kuydirar shum falak zulmi, jafosi,
Yolg‘ondir, inonmang, ahdu vafosi.
Maxtumquli, yo‘q bu so‘zlar xatosi,
Falak alif qaddim duto ayladi.
 

QARO KO‘ZLARING

 
Sabab o‘ldi yong‘an jona,
Jalloddir qaro ko‘zlaring.
Yetkazmas nurbat-omona,
Hayhotdir qaro ko‘zlaring.
 
 
Parim, yakka-yolg‘iz yurma,
Yomonlarning yuzin ko‘rma.
Siyo qoshg‘a chekib surma,
Ofatdir qaro ko‘zlaring.
 
 
Jallod ko‘zlar, omon-omon,
Dunyo yuzin qilding tuman.
Oshiqlarga bermay omon,
Rohatdir qaro ko‘zlaring
 
 
Maxtumquli, yor armoni,
Yig‘latar bashar, g‘ilmonni.
Musulmonning din-imoni,
Ummatdir qaro ko‘zlaring.
 

BU NE DARXOST TAVALLODIR

 
Yuzim yor yuzina tushsa, tilim alhamdulillodir,
Agar qahrina o‘g‘rashsam, o‘qirim qul-huvallodir.
 
 
Bo dargohi turur qurbat, erur ul hodiyi-vahdat,
Muhabbatning maqominda aning az vasfi lavlodir.
 
 
Falaklar mardivonidir, zamin soyasina muhtoj,
Ikki boshmog‘i arshning kallasinda toji-a’lodir.
 
 
Agar miskin, agar bir boy, toparmidir sensiz bir ra’y,
Yamondur ayrolig‘, ey-voy, arab lafzinda vaylodir.
 
 
Javoringnan judolarga, ko‘yingda jon fidolarga,
Seni istar gadolarg‘a, zakovat husningda avlodir.
 
 
Erurmen bir gunohkoring, hamisha oshiqi zoring,
Yuzin ko‘rmasam ul yorning, qachon ko‘nglim tasallodir.
 
 
Firog‘iy, necha vaqt o‘ldi, xabar topmasmen ul yordin,
Yonarmen otashi-ishqda, be ne darxost tavallodir.
 

YORNING YAXSHISIN

 
Qovunning yaxshisin shog‘ol yer bo‘lsa,
Nomardg‘a duch etding yorning yaxshisin.
Haq, har kimg‘a xayr-davlat berarda
Podshog‘a baxsh etding zarning yaxshisin.
 
 
Benomusni darddan omon aylading,
Borar joyin majlis-makon aylading.
Turna, g‘oz maskanin ummon aylading,
Hindig‘a baxsh etding yerning yaxshisin.
 
 
Aql kesar, ko‘ngil qalqar har bobda,
Bars-gavharni naqsh aylading mohtobda.
Bedovni-forsig‘a, tilni-arabg‘a,
Baxsh aylading bodi-shutring yaxshisin.
 
 
Parilar yayragan ajab chog‘larda,
Gul, bulbul bandidir Eram bog‘larda.
Qaro toshli, qudrati ko‘p tog‘larda,
Makon aylab qo‘yding qorning yaxshisin.
 
 
Shohlar yig‘lar bo‘ldi-bag‘rin bosh etding,
Aqlin olding, ko‘r aylading, losh etding.
Maxtumquli, de, ne ajab ish etding.
Yomonga duch aylab erning yaxshisin.
 

CHIN OSHIQQA DAVRON BU KUN

 
Tug‘di osmonning Zuhrasi,
Chin oshiqqa davron bu kun.
Ochildi zamin lolasi,
Ushbu dunyo rayhon bu kun.
 
 
Kuy boshlasa shaydo bulbul,
Jilva ila tebranar gul.
Oshiq bo‘lsang, muni yod bil,
Ma’shuq senga qurbon bu kun.
 
 
Til sanubar shakkariston,
Olam-jahon gul-guliston
Qo‘yning ichra bitmish bo‘ston,
Mard yigitlar bog‘bon bu kun.
 
 
Gulshan ichra kirar bo‘lsang,
Guldastalar terar bo‘lsang.
Mendan xabar so‘rar bo‘lsang,
To‘ti guftor zabon bu kun.
 
 
Tog‘lar boshin tuman bosar,
Julgasinda gullar o‘sar.
Har damida nomard qisar,
Odil shohdan farmon bu kun.
 
 
Davomatdir el mardina,
Ovin bermas sher qurtina.
Chin oshiqning bor dardina,
Firog‘i(y)dan darmon bu kun.
 

NAYLAY, ENDI BECHORAYAM

 
Vatanimda xon edim,
Xonlarga farmon edim.
Dardlarga darmon edim,
Miskinga do‘kon edim,
Jonsizlarga jon edim,
Naylay, endi bechorayam.
 
 
Ko‘zsizlarning ko‘zi edim,
Lolning esa so‘zi edim,
El-kunimning yuzi edim,
Sevar ma’shuq nozi edim,
Hotam Toyning o‘zi edim,
Naylay, endi fuqaroyam.
 
 
Eram ichra rayhon edim,
Vatanga zarafshon edim.
Mard yigitda kamon edim,
Tog‘ boshinda tuman edim.
Firog‘iy der, omon edim,
Endi vayron bir saroyam.
 

FONIY JAHON KERAKMAS

 
Falak menga mol berursan, ul ganji-kon kerakmas,
Go‘zal yorim ko‘rmas ersam, foniy jahon kerakmas.
 
 
Boqqa kirib naylay axir, sochgan bo‘yi-anbarin,
Bulbulim asir etmishsan, go‘zal rayhon kerakmas.
 
 
Elim-kunim xor-u zordir, kelsin davlat lashkaring,
Dinni taklif aylayursan, ajib «Qur’on» kerakmas.
 
 
Bizim elning shoh-gadosi, falak, senga yuk bo‘lur,
O‘z-o‘ziga sulton har kas, xon-u sulton kerakmas.
 
 
Bul zaminni larzon etib, osmon, junbush aylading,
Oxirzamon sari yurding, mohi-tobon kerakmas.
 
 
Majlis qilar bo‘ldi bu kun el-kunimning barisi,
Kelma, yo‘q, sen, bosh qo‘shmag‘il, bizga mehmon kerakmas.
 
 
Qilg‘il umrimizni ziyod, g‘ayri istak yo‘q sira,
Bul ajoyib chog‘larimda, ajal-paymon kerakmas.
 
 
Charx ustida aylab bino, sen bizni jo aylading,
Qoyil bo‘lay joyingga lek, bizga gardon kerakmas.
 
 
Doim umr o‘tkazay men berganing gul-faslingda.
Erkonadir bulbul, savsan, bizga xazon kerakmas.
 
 
Nomardlarni yiroq ayla bu majlis atrofidan,
Er yigitlar sarxush bo‘lar, nomard-zanon kerakmas.
 
 
Har kimga sen baxsh etibsan, yaxshi-yomon bir gulni,
Ul gullardan o‘zga bizga hech guliston kerakmas.
 
 
«Maxtumquli, sen so‘zlagil – dedi mardlar majlisi,
– Sen guftorsan bu majlisda, g‘ayri doston kerakmas!»
 

OZODIM QANI

 
Falak, izlar erdim, sen duchor o‘lding,
Ko‘zlarim nuroni – Ozodim qani?!
 
 
Yuragimni yulqib itlarga berding,
Shahrimning sultoni – Ozodim qani?!
 
 
Imomsiz qolmishdir masjid-mehrobim,
Nur sochib tug‘madi mohim, oftobim.
YOlg‘iz qoldim, sel olibdir atrofim,
Ko‘nglimning ummoni – Ozodim qani?!
 
 
Shakar edi zahar bo‘ldi so‘zlarim,
Za’faronday sarg‘ayibdir yuzlarim.
Quvvat ketdi, g‘uborlandi ko‘zlarim,
Minbarim azoni – Ozodim qani?!
 
 
To‘rt faslim o‘t olib, tog‘lar eridi,
Tiriklar uchdilar, o‘lik yuridi.
Ketgan bordi, Haqqa manglay tiradi,
Elimning zaboni – Ozodim qani?!
 
 
Tuproqlar sel bo‘ldi, sellar qum bo‘ldi.
Xumlar jom bo‘ldilar, jomlar xum bo‘ldi.
Havaslar yos’ bo‘ldi, pesham g‘am bo‘ldi,
Yuragim oromi – Ozodim qani?!
 
 
Kofirlar bo‘libdir yig‘lab musulmon,
Haqqa yolvoribdir Xizr, Sulaymon.
Bug‘lanib uchdilar Arshga boq, ummon,
Go‘klangning polvoni – Ozodim qani?!
 
 
O‘liklar tirilib, arzga bordilar,
Haqdan bir kalomni yurib so‘rdilar.
«Qo‘yvor!» deb yolvorib, yig‘lab turdilar,
Barining davroni – Ozodim qani?!
Armonim yo‘q, falak, bir savash qilsam,
Yo yiqsang, bosilsam, yo boshing olsam.
Itlarga osh aylab, bozorga solsam,
Bog‘imning rayhoni – Ozodim qani?!
 
 
Go‘shlilar eshitgach bari kar bo‘ldi,
Tog‘lar erib oqdi, toshlar yer bo‘ldi.
Mullalar «Qur’onsiz», pirlar ko‘r bo‘ldi,
Sohiblar «Qur’oni» – Ozodim qani?!
 
 
Zamin yuzin siyo tuman aylading,
Ayt, de, falak, kimni omon aylading.
Firog‘iyni, boq, beimon aylading,
Nomusim, imonim – Ozodim qani?!
 

KULOHLI KELDI

 
Bir kecha yotardim, bir ahvol ko‘rdim
Bir bo‘lak boshlari kulohli keldi.
Tiskinib uyg‘ondim, o‘rnimdan turdim,
Qo‘llari tillodan asoli keldi.
 
 
Bir bo‘lak go‘zallar takrimni aylab,
Ol-yashil kiyinib, asbobin shaylab,
Tutdim birisini baridan saylab,
Lablari shakardan mazali keldi.
 
 
Bir pari sollanib saylga chiqibdir,
G‘amza birlan qalam qoshin qoqibdir.
Mening jonim ishq o‘tina yoqibdir,
Boshlari tillodan jig‘ali keldi.
 
 
Jafolar chekmishdir yor diyorinda,
Bog‘da bitgan olma bilan norinda.
Maxtumquli bir parining zorinda
Hammasining tili sanoli keldi.
 

YOT BO‘LAR

 
Muhammad ummati molsiz bo‘lmasin,
Molsiz bo‘lsa, qavmu qardosh yot bo‘lar.
Qochar og‘a-ining, bo‘lmas xotiring,
Dushmaning quvonar, do‘sting mot bo‘lar.
 
 
Qallosh oyoq yalang, g‘ami beshakdir,
Ma’rakaga borsa, o‘rni ashoqdir125125
  Ashoq – quyi, past


[Закрыть]
.
Yo‘qsillar ot minib teps-eshakdir,
Davlatlilar eshak minsa, ot bo‘lar.
 
 
Har ne so‘rab borsang, muhiming bitmas,
Do‘sting ixlos bilan marhamat etmas.
Ma’rakada aytgan so‘zing joy tutmas,
Tinglamaslar, so‘zing go‘yo bod bo‘lar.
 
 
Kurash bir obro‘dir, urush bir dastdir,
Birovni kamsitgan kishi nokasdir.
Bir mo‘‘minni g‘iybat etmak abasdir,
G‘iybatkashning u dunyosi o‘t bo‘lar.
 
 
Maxtumquli shukur ayla Xudog‘a,
O‘lim barobardir shoh-u gadog‘a.
Besabr qul tez yo‘liqar balog‘a,
Sabrli qul bora-bora shod bo‘lar.
 

QO‘LDA BORI BO‘LMASA

 
Zamona bo‘yladir-ko‘zga ilmaslar,
Har kishining qo‘lda bori bo‘lmasa.
Yuz tumanlik so‘zing pisand qilmaslar,
Har kishining e’tibori bo‘lmasa.
 
 
Taning bir tor qafas jon bir vahshiydir,
Tilga kelgan so‘zlar ko‘ngil naqshidir.
O‘tli, suvli tomug‘ undan yaxshidir,
Har shaharning bir bozori bo‘lmasa.
 
 
Bekzodalar qoldi cho‘pon tahrina
Tan qachon to‘zibdir yilon zahrina.
Barbod bo‘lar, do‘nar Lutning shahrina,
Har o‘lkaning sohib eri bo‘lmasa
 
 
Anglamaslar to‘lib-toshgan jahondir,
Bilmas-bir balodir, bilganlar-jondir.
Ul yigitlar odam tilli hayvondir,
So‘z uqmasa, ham iqrori bo‘lmasa.
 
 
Yigit-chun yo‘qchilik yomon balodir,
So‘zin teng-to‘shlardan g‘ayri solodir.
Yomon qiliq do‘stni dushman qilodir,
Qurib ketsin el darkori bo‘lmasa.
 
 
Ul kimga Haq, bir yaxshi yor bermabdir
«Oh», armondan bo‘lak narsa ko‘rmabdir.
Yuz yashasa, besh kun davron surmabdir
Har kishining vafodori bo‘lmasa.
 
 
Maxtumquli, Haqqa topshir o‘zingni,
Har nomardga sarg‘aytirma yuzingni.
Tavalloim, tark ayla bu so‘zingni
Darkor emas xaridori bo‘lmasa.
 

TUMAN PAYDO

 
Kelsa Navro‘z olamg‘a, rang qilar jahon paydo,
Abrlar ovoz urib, tog‘ qilar tuman paydo.
Bejonlar jonlanishib ocharlar dahan paydo,
Ko‘karmagan giyohlar, ko‘karib ravon paydo.
Etarlar hayvonotga ham sud-u ziyon paydo,
Yer yuzina yoyilib, yururlar nihon paydo.
Vobasta dahan qushlar qilurlar zabon paydo.
 
 
Cho‘l tarafin berk etib, dar ochar suvga xarchang,
Zamin sabzazor o‘lib, ayrilar yuzindan zang.
Junbandalar mast o‘lib, go‘yo ichmish aroq, bang,
Har ash’yoning o‘zina sasi g‘alati, qarang,
Sabza ichra sanduvoch yuz tilda qilar ohang.
Zamin xizrpo‘sh o‘lib, gul bitirmish rango-rang,
Xurujga kelib olam, qilarlar fig‘on paydo.
 
 
Surud-u sado bir-la, jahon yuzi oboddir,
Surudg‘a o‘lma mag‘rur, poyonasi barboddir.
Haq ishqinda zinda jon, biling, boqiy-hayotdir,
Har tandaki, ishq o‘lmas ro‘zi azal mamotdir.
Yoz o‘tguncha yer-u ko‘k kundan-kunga ziyoddir,
Bir hashri-qiyomatdir, bir yovmi-arosatdir.
Dahr ichra bo‘lar har dam, jahon ichra jon paydo.
 
 
Zarboftga zavqlanmagil, baqo yo‘qdir davlatda,
Umringni yelga berma, sen bul dorul-zahmatda.
Yetar senga erta-kech, ne yozilsa qismatda,
Joningga jafo aylab, muncha yurma hasratda,
Savob-yaxshi amalda, yo jud yaxshi niyatda,
Olam barcha xizmatda, odam yotib g‘aflatda.
Hosiling otash bo‘lg‘ay, aylasang yomon paydo.
 
 
Maxtumquli, yig‘larman, bul baxti-siyohimdan,
Qo‘rqaram jon ofati, qo‘l-oyoq guvohimdan,
Umidim hosil o‘lmas, bul umri-tabohimdan,
Jon kuydi jasad ichra bul otashi-ohimdan,
Qo‘lim sunub, tilarman hojatim ilohimdan,
Bandaman, umidim ko‘p ul karamli shohimdan,
Aylagay arosatda gul kabi iymon paydo.
 

QIMMAT YAXSHIDIR

 
Savdogarlik qilib bozor kezgandan,
Olsang nasihatim, qimmat yaxshidir.
Hotam bo‘lib kunda oltin bergandan,
Bor bo‘lsa, ko‘ngilda himmat yaxshidir.
 
 
Bir mard yaxshi muxannasning yuzidan,
Savash kuni sanchar g‘anim ko‘zidan.
Topilmasa har kim aytgan so‘zidan,
Dinga munkir bo‘lgan Yazid yaxshidir.
 
 
Xayr ishin tark etib, bad ish ko‘zlardan,
Do‘st bo‘lib, do‘stidan sirin gizlardan.
Xudoni unutib, yolg‘on so‘zlardan
Lol o‘tirib, beso‘z tinmoq yaxshidir.
 
 
Qodir egam jismimizni bor etgan,
Beaqldir haq ishina or etgan.
Nojo‘ya qurilgan nosoz ko‘prikdan
Jahannam ustinda Sirot yaxshidir.
 
 
Besh vaqtni barjo qil, musulmon bo‘lsang,
Bilib oxiratning g‘amini qilsang.
To zindasan, iymon qozona bilsang,
Rohat yotar joying-kumbat yaxshidir.
 
 
So‘z ma’nisi chiqar bir yaxshi joydan,
Bexabarlar ayro tushar Xudoydan,
Besh vaqtni bilmagan bexabar boydan
Ersiz, pirsiz lo‘li-arvat yaxshidir.
 
 
Maxtumquli, ko‘rding yaxshi-yomonni,
Yolg‘onchining bo‘lmas onti-imoni.
Bir oq uyga borsang, olmas mehmonni,
Har kimning o‘z eli-ummat yaxshidir.
 

OLDI-ORTI BILINMAS

 
Yovmut, go‘klang ta’sib aylab o‘zindan,
Tortdi qo‘shin, oldi-orti bilinmas.
Sig‘may chiqdi dashti-Dahhon tuzindan,
Yurgan yo‘li, qo‘ngan yurti bilinmas.
 
 
Qarg‘a solsa, tug‘un bilan tepishar,
Haybatindan tog‘lar-toshlar qopishar.
O‘lik turib, tiriklarga yopishar,
Arsloni, tulkisi, qurti bilinmas.
 
 
Uch ming nayzabozi bordir no‘kardan,
To‘rt ming fildori bor qal’a yiqardan.
Taka, solir yurish qilsa yuqordan,
Dushmanning nomardi, mardi bilinmas.
 
 
Ahli sunniy nomus qilib, kelarlar,
Qal’a yiqib, bog‘in barbod qilarlar,
Dov-talashib, Isfaxonni olarlar,
Bu kentlarning uch-u to‘rti bilinmas.
 
 
Maxtumquli, Aliningdir bul maydon,
Ne ish tutar, boqing, Umar-la Usmon,
Ot damindan to‘ldi zamin-u osmon,
Xurosonning xok-u gardi bilinmas.
 

YAYLOQLARI BOR

 
Safar aylab borsak No‘shoh mulkina
Ko‘ngil istaridek yayloqlari bor.
Saylu sayron etsak g‘uncha-gulina
Bog‘chasinda bulbul o‘ynoqlari bor.
 
 
Yeri sozdir, sihat topar shol kelsa,
Oriq, muflis, g‘arib kelsa, lol kelsa,
Sarv daraxti kabi bo‘lg‘ay dol kelsa,
Ajib, qush solarga avloqlari bor.
 
 
Maydoni to‘lug‘dir shakar-qamishdan,
Bir narsa tilanmas qardosh-qardoshdan.
Usti yopilg‘idir kumush kirpichdan
Har kimning o‘zi-chun suvloqlari bor.
 
 
Bosh qo‘shmabdir oriq, oqsoq sho126126
  Sho – shoh.


[Закрыть]
bilan,
Otdirib du qunbul, boz-la, no127127
  No – nay


[Закрыть]
bilan,
Shirvon qal’asidir, oni kim bila.
Har burchinda oltin bayroqlari bor.
 
 
Maxtumquli sozdir, suhbatdir ishing,
Ajaldan, g‘ayridan bo‘lmas tashvishing.
Boy, faqir, oshig‘u ahli darvishning,
Yurti bo‘lsa arzir farsaxlari bor.
 

AMIRGA DO‘NAR

 
O‘lkada sohib bo‘lmasa
Arboblar amirga do‘nar.
Uch yil sherga uchramasa
Tulki, shog‘ol sherga do‘nar.
 
 
Qahba falak qoshiq solar,
Kimga berar, kimdan olar.
Har kimga bir navbat kelar,
O‘lka og‘ar Turga do‘nar.
 
 
Sher har zamon bir ov etar,
Der: «Ovimga kim qo‘l qotar».
Fil burnin falakka tutar,
Karg ko‘rsa, xamirga do‘nar.
 
 
Ajal yetar, odam tuymas,
Davron o‘tar, umr to‘ymas.
Tulki sarqitin sher yemas.
Bir yesa, zaharga do‘nar.
 
 
Dard yurakda bir o‘t bo‘lar,
So‘z-jahonda bir ot bo‘lar.
Faqirga oshno yot bo‘lar,
Boyisa yot yorga do‘nar.
 
 
Mardlar jangda-to‘y ichinda,
Och bo‘ridir qo‘y ichinda,
Nomard qo‘rqar uy ichinda.
Borsang mast-botirga do‘nar.
 
 
Maxtumquli, budir darding,
Sohibi kerak har yurtning
Sher zarbin ko‘rmagan qurtning
Har murti bir tirga do‘nar.
 

O‘ZON KELAR

 
Elga davlat kelar bo‘lsa,
Boshdan-burun o‘zon kelar.
Davlat eldan ketar bo‘lsa,
Mulla bilan to‘zon kelar.
 
 
Har kas o‘zin mard deb sonsa,
Boshin yoring, agar do‘nsa.
El ichinda ishiq yonsa
Avval ishqda qizgan kelar.
 
 
It kuchugi itga chekar,
Loy topilsa-to‘ng‘iz cho‘kar.
Chashma qazsang, suvi chiqar,
Istab uni qazgan kelar.
 
 
Hijron yiroqqa otilsa,
O‘ldirarlar gurk tutilsa.
Maxtumquli, ot tutilsa
Avval doston yozgan kelar.
 

XUSH QOL, GO‘ZAL «SHERG‘OZI»

 
Makon aylab, uch yil yedim tuzingni,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal «Sherg‘ozi!»
O‘tkazdim qishingni, bahor, yozingni.
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal «Sherg‘ozi!»
 
 
Haqdan bizga buyruq, bog‘lidir belim,
Senda ta’lim oldim, ochildi tilim.
Kelsin deb ko‘z tutar ul go‘zal elim,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal «Sherg‘ozi!»
 
 
Tanib-bildim emdi oqni-qorani,
Do‘st, raqib, qardoshim, haqni, yoronni.
O‘qidim, xatm etdim kitob «Qur’on»ni.
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal «Sherg‘ozi!»
 
 
Aqlim qisqa erdi, kosam qaynadi,
Jigar talvos urdi, ko‘ngil o‘ynadi.
...................................................... 128128
Bir satr asl qo‘lyozmada yo‘q

[Закрыть]

Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal «Sherg‘ozi!»
 
 
Jo‘shqin yuragimda mavj urar-yotmas,
Qaynar, g‘azablanar, hech loyga botmas.
Ilmu ta’lim olgan seni unutmas,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal «Sherg‘ozi!»
 
 
Paymon to‘lmay, kelsak toqat etmayin,
Pinhon zohir qilmas aql ketmayin.
Bodi-poy otlanib, sayron etmayin,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal «Sherg‘ozi!»
 
 
Komil bo‘lib, saranjomlik qilibman,
Mushkul, dono ul padardan qolibman.
Ka’bamdan ayrilib, judo bo‘libman,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal «Sherg‘ozi!»
 
 
Hatto qumga kirsam g‘avvos suzarman,
Behasrat yayrabon, beg‘am kezarman.
Dahan ichra asal-zabon ezarman.
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal «Sherg‘ozi!»
 
 
Qutbda soy ko‘zlab, yoyg‘a o‘g‘rashdim129129
  O‘g‘rashdim – yo‘liqdim


[Закрыть]

Nayson quydi, ummon, qaynadim-jo‘shdim.
Xush qol, bu kun Jayxun bahridan oshdim,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal «Sherg‘ozi!»
 
 
Maxtumquli, tashlab ko‘ngil xafasin
Siyladi pirini, mulla, so‘fisin.
Hargiz unutmasman tillo qopusin,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal «Sherg‘ozi!»
 

EL YAXSHI

 
Odam bo‘lib, odam qadrin bilmagan
Undan ki bir o‘tlab yurgan mol yaxshi.
So‘zlaganda so‘z ma’nisin bilmagan.
Undan yana so‘zlay olmas lol yaxshi.
 
 
Xudoyim saqlasin sharrdan, qahrdan,
Minnatli osh achchiq bo‘lar zahardan.
Har bir yerda bir bozorsiz shahardan,
Undanki bir qaqrab yotgan cho‘l yaxshi.
 
 
Har kimning o‘zina Misrdir joyi,
O‘lsa yoddan chiqmas bayrami-to‘yi.
Jon sog‘ligin bo‘lmas hech tengi, toyi,
Oqshom yotib, erta shukrin qil yaxshi.
 
 
Bir bevafo yorga kulib boqqandan,
Shirin jonni ishq o‘tinda yoqqandan.
YOt ellarda musofirlik chekkandan,
Ursa, so‘ksa, xo‘rlasa-da, el yaxshi.
 
 
Maxtumquli, suxan ayla har bobdan,
Bul dunyo tutdirmas, chirikdir tubdan.
Bir isbotsiz quruq gapdan, bad gapdan,
Undan ki bir habas esgan yel yaxshi.
 

ABDULLA

 
To‘qqiz yilki yo‘qsan-badar ketib sen,
Qayda vatan tutding, qardosh Abdulla?
Ketgan hech iziga qaytmasmi ekan,
Qayda vatan tutding qardosh Abdulla?
 
 
Tog‘larga arz ayta, o‘rdim xabaring,
Kishi bilmas, tili demas-ozoring.
Baytunlarsiz nechuk erkan qaroring?
Qayda vatan tutding, qardosh Abdulla?
 
 
Qo‘rquvdan ne foyda ketajak jona,
Umr oxir bo‘ldi, to‘ldi paymona.
Yoxud tushdingmi sen tubsiz ummona?
Qayda vatan tutding, qardosh Abdulla?
 
 
Ustimizga hijron o‘ti sepildi,
Quvvatim ketibdir, tizzam epildi.
Qon yig‘lab, otamiz, beli bukildi,
Qayda vatan tutding, qardosh Abdulla?
 
 
Yuzim tutib chiqdim jondor borina,
O‘zim ravo keldim hijron dorina.
Toqatim yo‘q baytunlarning zorina,
Qayda vatan tutding, qardosh Abdulla?
 
 
El-ulusda yo‘qdir mening qarorim,
Dard ustina ortdi qayta ozorim.
Yot bo‘ldi vataning, uying-ro‘zg‘oring,
Qayda vatan tutding, qardosh Abdulla?
 
 
Go‘sh tutarman har aytilgan so‘zlarga,
Jafo berding hijron bilan bizlarga.
O‘zim urar bo‘ldim, cho‘qqa so‘zlarga,
Qayda vatan tutding, qardosh Abdulla?
 
 
Kulib-o‘ynamadik billa shod bo‘lib,
Boshdin ketding tamom bizdan yot bo‘lib,
Maxtumquli zor yig‘labdur mot bo‘lib,
Qayda vatan tutding, qardosh Abdulla.
 

KO‘RING

 
Har yigitning aslin bilay desangiz,
Ma’rakada o‘tir-turishin ko‘ring.
Birov bilan oshno bo‘lay desangiz,
Avval iqrorinda turishin ko‘ring.
 
 
Uzoq yo‘lga borib, kelar bo‘lsangiz,
Mardlikning qilichin chalar bo‘lsangiz.
Bir bedovni saylab olar bo‘lsangiz,
Siynasin, sag‘risin kerishin ko‘ring!
 
 
Bir pul tushsa bir iflosning qo‘lina.
Ko‘ksin ochib kezar qishning elina,
Xaridor bo‘lsangiz qizga, kelinga,
Odobin, ikromin, o‘trishin ko‘ring!
 
 
Er yigitning ot-yarog‘i shay bo‘lsa,
Yetishar har yerda «hoy-da, hay!» bo‘lsa.
O‘zi hotam bo‘lib, yana boy bo‘lsa,
Chor tarafdan mehmon kelishin ko‘ring!
 
 
Bir nechani aylab moli-bisyori,
Bir nechani qilib bir pulning zori.
Yaxshi-yomon odam zotining bari,
Navbat bilan o‘tib borishin ko‘ring!
 
 
Tangri bezor erur zakotsiz boydan,
Siz ham qoching darhol ul kelar joydan.
Mard boshga ish tushsa, ko‘rar Xudoydan,
Nomardning hamrohdan ko‘rishin ko‘ring!
 
 
Nomard yurar mudom o‘limdan qochib,
Uyina borganda zahrini sochib,
Mard yigit o‘limga siynasin ochib,
Maydonda ters savash qurishin ko‘ring!
 
 
Zolimlar unutar zikri Olloni,
Arzon olib, qimmat sotar g‘allani.
Sudxo‘r, noinsoflar halol tilloni,
Harom foydasina berishin ko‘ring!
 
 
Shayton mal’un hargiz toat etdirmas,
Haromdan qaytarmas, halol yutdirmas.
Namozga uydirmas, ro‘za tutdirmas,
La’nati shaytonning taloshin ko‘ring!
 
 
Er yigitning ishi suhbat-soz bo‘lar,
Ko‘ngli qish bo‘lmayin, doim yoz bo‘lar.
Yaxshining ko‘nglinda gina oz bo‘lar,
Yomonning kunda bir urushin ko‘ring.
 
 
Qadrdon qardoshdan uzoq-tash bo‘lib,
Qadrsiz yot bilan qarindosh bo‘lib,
Maxtumquli, nosozlarga duch bo‘lib,
Xo‘janing, sayyidning yurishin ko‘ring.
 

YETIMLAR KO‘Z YOSHIN TO‘KA BOSHLADI

 
Ko‘mildi daryolar, yiqildi tog‘lar,
Yetimlar ko‘z yoshin to‘ka boshladi.
Haromidan bo‘lgan sitamgar beklar,
Yurtni bir yonindan yiqa boshladi.
 
 
Jamoatsiz azon bir quruq sasdir,
Amal qilinmagan ilm-abasdir.
Qozilarning kori choy bilan nosdir,
Bir buzuq nishona chiqa boshladi.
 
 
Eshonlari har eshikda topilar,
Mullasiga ming mujobat yopilar,
«Avliyoman» degan jo‘gi so‘filar,
Qiyqirig‘i ko‘kka chiqa boshladi.
 
 
Chiqar biyobonga qizi, kelini,
Oy yuzina yopar qora telini.
Bir-birlab, azobda yiqqan pulini
Tuzanib, o‘zina taqa boshladi.
 
 
Dunyoda sudxo‘rning pul yig‘moq dardi,
Boylarning mollari bezakot erdi.
Tavba aylang, ko‘zim bir yomon ko‘rdi,
Besabab bir-birin yoqa boshladi.
 
 
Maxtumquli, boshga bog‘lab sallalar,
Och bo‘riday yo‘rtib necha mullalar.
Haloldan, haromdan yig‘nab g‘allalar
Ne topsa tanlamay tiqa boshladi.
 

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации