KOR BILAN
G‘ofil odam, g‘am ostinda yotibsan,
O‘tdi umring uvoq-ushoq kor ila.
Dunyo mordir, yastanibsan, yotibsan,
Tinch-orommi billa yotg‘on mor bila.
Iymon qozon, insofingni yutmag‘il,
Ko‘ra-bila o‘zni o‘tg‘a otmag‘il.
Munda bedor bo‘laverg‘il, yotmag‘il.
Hali to‘zib yotajaksan go‘r bola.
Har yon ketsang, borar yering go‘r bo‘lar,
Xayr qozon, yotar joying nur bo‘lar.
Yaxshi bo‘lsang, joying jannat, hur bo‘lar,
Yomon bo‘lsang, kuydirurlar nor bila.
Ko‘zing yumsang sendan ayrilar moling,
Sen ketgach, qolg‘anlar ne bili holing,
Yaxshi-yomon ja’mi etmish-a’moling,
Peshkash chiqar turar mudom bor bila.
Asli kufur hech muslimg‘a qotishmas,
Chin musulmon harom ishga tutashmas.
Manzil oshmas hech makonga yetishmas,
Boshchi tutib, yo‘lga chiqqan ko‘r bila.
Umringga aldanma, o‘tganga yonma,
Molingga quvonma, mulkka tayanma,
Bunda bad ish qilib, anda uyalma,
Hisob kuni xayring olib bor bila.
Maxtumquli, to‘g‘ri so‘zga tan bergil,
Savob bundan o‘tmas-topsang non bergil,
Ko‘ngling topgan do‘st yo‘linda jon bergil,
Ishing nadir seni demas yor bila.
CHALDI KETDI
Bul dunyo bozigardir,
Bozisin chaldi ketdi.
Gumroh aylab nechani,
Yo‘ldosh deb, oldi ketdi.
Oqil, o‘yla har qachon,
Yuz qo‘ngan bor yuz ko‘chgan.
Taxti osmonda uchgan,
Sulaymon o‘ldi ketdi.
YO, muruvvatli shohim,
Umidim, qiblagohim,
Shuncha yig‘nab Ibrohim
Nimani oldi ketdi!
Jigarin dog‘lay-dog‘lay,
Zunnorin bog‘lay-bog‘lay,
Nechalar yig‘lay-yig‘lay,
Nechalar kuldi ketdi.
Nechalar gulga do‘nmish,
Gul yonib, kulga do‘nmish.
Nechalar gilga do‘nmish,
Nechalar so‘ldi ketdi.
Qolarsan go‘rda bog‘li,
Bir aniq yurtga bog‘li.
Behuda, odam o‘g‘li,
Yiqqaning qoldi ketdi.
Ahmoqlik billa o‘zim,
Bilmadim aynan so‘zim.
Maxtumquli der, ko‘zim,
Qon yoshga to‘ldi ketdi.
NOMUS-ORIMA
Falak qarorinnan qaytib, fido o‘lmish zorima,
Bir ajoyib zebo sanam kirmish ishq bozorima,
Ko‘rgan hama xaridordir, shoh ham, gado ham quli,
Mard-u nomard, nokas bari so‘z tashiydur yorima.
Qilo bilmam pinhon ani-qiymaydur ojiz ko‘ngil,
Gar oshikor qilsam yuzin ko‘rgan uchrar qahrima.
Asli behisht sunbulidir gul yuzinda Zulflari,
Eram ichra bitgan norlar o‘xshamas bul norima.
Barcha dardin o‘zim olib, yururman oh-voh chekib,
Luqmon kelib, holim so‘rab, em qilmas ozorima,
Der Firog‘iy, mard menam, oshkordir elga mardligim,
Tirik qaytmas qoshlarimdan tekkan nomus-orima.
BADNOM O‘LUR
Gar amirning, gar vazirning aqli ko‘toh, xom o‘lur,
Ul amirning nomi oxir xalq aro badnom o‘lar.
Bir oqil-sohibqironning qo‘li birla ish tutg‘on,
Ishini tashdan olur, sa’y qilgancha-kom o‘lur.
Istasang sarishtasin bul jahonning sarba-sar,
Ochiq qo‘l-u qahri kam-pushmonda, ul qo‘l vom o‘lur.
Gallabon
113
Gallabon – cho‘pon
[Закрыть] arbobga do‘nib, bo‘lmish arboblar amir,
Shohlarga yo‘qdur itoat, eli nofarjom o‘lur.
Deng salom Maxtumqulidan ba’iy bo‘lg‘on beklarga,
Oy to‘lur, anjum o‘chur, rasvoyi xosu om o‘lur.
BARQAROR ETGAN TANGRI
O‘n sakkiz ming olamni bir damda bor etgan Tangri,
Yetti g‘urfona falakni barqaror etgan Tangri,
Bandalarga rahmatin har dam nisor etgan Tangri,
Ul maloyiklarni ko‘kda beshumor etgan Tangri,
Qudratin ikki jahonda oshikor etgan Tangri.
Kimlarni gumroh etib, berdi anga rohi zalol,
Kimlarni mo‘‘min qilib, o‘zin tanitdi bemisol.
Har kimni bir ko‘yga soldi, ul karimu lo yazol,
Nechalar toat ila umrin o‘tkazdi mohu sol.
Nechalarni ma’siyatda sharmisor etgan Tangri.
Anbiyolar afzali ul Mustafo-xayrul bashar,
Ham Maloyiklar ko‘rib etdi boshiga toju zar,
YO, shafiul-muznibin deb, yod etarman har sahar,
Qudratidan Masihoni yaratdi ul bepadar.
O‘tni Ibrohim Xalilga lolazor etgan Tangri.
Kimlarga berdi Xudoyim ayshu ishrat behisob,
Kimsalar hasrat chekib, non topmayin bag‘ri kabob,
Kimlarga rohat bag‘ishlab, kimlarga berdi azob,
Dunyo bir karvonsaroydir, o‘tdi bundan subhu shab,
Har kima taqdiri qismat ro‘zig‘or etgan Tangri.
Kimlarni shoh aylayib, berdi murassa’ toj anga,
Kimlarni faqru fanoda ayladi muhtoj anga.
Nechalarga berdi davlat, nechalar qallosh anga,
Do‘stim deya lutf ayladi Laylatul-me’roj anga.
Mustafoning do‘stlarini Choriyor etgan Tangri.
Avvalo ikki jahonni bor etgan qodir Xudo,
Necha qullar Haq yo‘linda ayladi jonin fido,
Nechalar fisqu-fasodg‘a yetdilar umrin ado,
Dunyoga kelgan ketar – boyu faqir, shohu gado.
Barcha qulni shum o‘lim qo‘linda zor etgan Tangri.
Matlabing Maxtumquli, sen Haq taolodan tila,
G‘ofil o‘lma kecha-kunduz, bo‘l Xudo zikri bila.
Bizdek osiy qullara, shoyad, Xudo rahmat qila,
Umringni zoye kechirma, hosiling berma yela,
Barchalarning joyini oxir mozor etgan Tangri.
ALIF QADDING DOL O‘LA
Ayo, mardum bul dunyoda kezarsan,
Bir kun leykin alif qadding dol o‘la,
G‘ofil bo‘lma, to‘g‘ri yo‘ldan ozarsan,
Bulbul kabi sayroq tiling lol o‘la.
Oxirzamon bo‘lsa, fitnalar tursa,
Zolimlar yomonlik majlisin qursa,
Podishohlar rishvat istab dam ursa,
Faqirlarga kun-nafaqa hol o‘la.
Yaxshi-yomon ta’zim qilar boylarga,
Miskin, benavolar qolar «voy»larga,
Har bir yigit g‘arib tushsa joylarga,
Hasrat chekar, har bir mohi sol o‘la.
Kimiki shari’at yo‘lin bilmasa,
Olimlar so‘zini ko‘zga ilmasa,
Qirq yoshinda kishi tavba qilmasa,
Aning ishi makr, hiyla, ol o‘la.
Har yigitkim ayro tushsa vatandan,
Xabar istar har bir yo‘ldan o‘tgandan.
Cho‘x termulib, hojat tilar yetgandan,
Hojati bitmasi, qiylu qol o‘la.
Kel, ey do‘stim chekma hasrat, dard, g‘amni,
Sel aylama ko‘zlaringda yosh-namni,
Bul dunyoda g‘animat bil har damni,
Ko‘p qayg‘ursa, yigit kishi chol o‘la.
Maxtumquli, nasihatlar tuzarsan,
Xaloyiqning yurak-bag‘rin ezarsan,
Magar o‘zing to‘g‘ri yo‘ldan ozarsan,
Rustam bo‘lgan bir kun piri Zol o‘la.
RAVON O‘LDI
Makkadan chiqdi bir go‘zal
Madinaga ravon o‘ldi.
Ko‘rgan toj etdi boshina,
Ko‘rmagan-bag‘ri qon o‘ldi.
Haqdan unga nozil Kalom –
Qutlug‘ sha’mchirog‘ul islom,
Mute bo‘ldi jumla olam,
Shundog‘ sohib zamon o‘ldi.
Do‘stga yetdi bora-bora,
Yetti ko‘kni yora-yora.
Hama munkir o‘shal yora,
Kufurdir, begumon o‘ldi.
Duo qilib, Rasul yig‘lar,
Quvradi g‘unchalar, bog‘lar,
Badr urushinda tog‘lar,
Yetti oylab tuman o‘ldi.
Saf tortdi botir bangilar,
Savashga chiqdi zangilar,
Qonga botdi uzangilar,
Alining dasti qon o‘ldi.
Maqotil etmadi tashvish,
Ali bilan qildi urush.
Turfog‘, temir, po‘lat, kumush
Qal’alari vayron o‘ldi.
Maxtumquli Rumistona,
Serpda qilich Hindistona,
Badaxshonu Turkistona,
Yetti iqlimg‘a xon o‘ldi.
MUHTOJ AYLAMA
Qodir Ollo, Sendan so‘rarim ko‘pdir,
Sen meni nomardga muhtoj aylama.
Xazinangdan bergil menim rizqimi,
Bandangni bandangga muhtoj aylama.
Adashtirma to‘g‘ri yo‘lim egriga,
Egrini teng etma hargiz to‘g‘riga,
Kishi moli nasib etmas o‘g‘riga,
Halolni haromg‘a muhtoj aylama.
Nomard ko‘prigindan o‘lsam kechmasman,
Karvon bo‘lsam, halol ishdan qochmasman,
Qo‘lingdan bir kosa sharob ichmasman,
O‘ng qo‘lim so‘l qo‘lg‘a muhtoj aylama.
Yaxshi niyat Sendan tilagim cho‘xdir,
Achchiq so‘zlar tildan uchgan bir o‘qdir,
Qardoshning qondoshg‘a bahosi yo‘qdir –
Og‘ani iniga muhtoj aylama.
Maxtumquli, Haqdan tila borini,
Iymon tila, ya’ni asl-zarini,
Obod ayla ikki diydam nurini,
O‘ng ko‘zim chap ko‘zga muhtoj aylama.
SAVOL-SINOV
Ne o‘n besh ayoldir, ortmas farzandi,
Ul o‘n besh ayolning uchi avloddan.
Uchi egiz, o‘n to‘rt erur payvandi,
Ul na jimo’ aylar, na chiqar yoddan…
Ul ne xalqdir, ko‘k-falakka qo‘narlar,
Gohi enib, yer yuzinda tinarlar?
Ul ne odamzoddir, bir ot minarlar –
Uzangisi suvdan, jilovi boddan?
Mudom sayron etar ul to‘rt tengi-to‘sh,
Bo‘lar andan jumla olam yuzi xo‘sh.
Ul to‘rtning bir bor, mudom sabzapo‘sh,
Kallasi muzdandir, og‘i-o‘tdan.
Ul kimdir, yalang‘och, g‘arib o‘tirmish,
Ovozsiz olamg‘a so‘zin eturmish,
Og‘zin ochib, o‘zin yosg‘a botirmish,
So‘rsang, xabar aylar senga bor zotdan!
Maxtumquli, solma elga ovoza,
Bular ko‘rnib turg‘on narsalar ko‘zga,
Oqil erning fahmi yetar bul so‘zga,
Hojat ermas xabar so‘rmoq ustoddan.
JAHON SENNAN BEXABAR
Sensan oroyishi jon, bul jon Sendan bexabar,
Sen jahona to‘lug‘ san, jahon Sendan bexabar.
Andisha daryosinda sirrim safinasini
Yuz tarafga suzdirdim, sayron Sendan bexabar.
Gar desalar kufr o‘la, ash’yo sendan xolidir,
Manzil sendan mustag‘roq, makon Sendan bexabar.
Zamin, osmon, g‘arbu sharq partovingda gardondir.
Zamoniga sen gardon, zamon sendan bexabar.
Istar Seni Dengizlar to‘lqinlanib shavqingnan,
Sen alar ichra ma’lum ummon Sendan bexabar.
Zamin tilar osmonda, osmon tilar zaminda,
Bir-birindan gumonda, gumon Sendan bexabar.
Maxtumquli, ko‘r emdi, ash’yolar ne ishdadir,
Yo‘q ermish bul ashyoda hamon Sendan bexabar.
BU NAQLDIR, ODAMZOD…
Bu naqldir, odamzod, sen bul makona kelding,
Avval otang belinnan sizib nihona kelding.
Onaga borib, so‘ngra bir qatra qona kelding,
Onoda suvrat bo‘lib, bul shirin jona kelding,
To‘qqiz oyni o‘tkazib, enib jahona kelding,
Emib onang ko‘ksini, yo‘rgakdan to‘nga kelding.
Yaratgan qudratindan tish bilan dahan berdi,
So‘zlamoqqa so‘z ila dahanda zabon berdi.
Ko‘ngling ketdi har yona, turding-oyog‘ing yurdi.
Bilding yaqinni-yotni, ko‘zing dunyoni ko‘rdi.
Yetti-sakkiz yoshingda otang mullog‘a berdi,
O‘qib Qur’on kitobni, ulg‘ayding – o‘nga kelding.
O‘n besh yoshga borganda, go‘daklikdan saylanding,
Qiz-juvonga mayl etib, ko‘ngil berib, kuylanding.
O‘g‘rin borib oq uyning to‘rt tegrasin aylanding,
Haqning farmoni ila oxir bir kun uylanding,
Yigirma yoshga bording, asb-abong taxt, shaylanding,
Bedov minib, o‘ynatib, surib maydonga kelding.
O‘ttiz yoshga borguncha guyo bir olg‘ir shersan,
Dunyo g‘ami boshingda, xo‘p yugurib, yelarsan.
Dunyoga to‘ymoq yo‘qdir, bo‘lgan sayin kam dersan,
Ahli musulmon bo‘lsang, o‘lguncha halol yersan,
Qirqingda tavba aylab, murshidga qo‘l berarsan,
Ko‘nglingni Haqqa bog‘lab, aziz subhonga kelding.
Ellik yoshga borganda, to‘g‘rilikda bo‘larsan,
Go‘daklikdan yiroqsan, shevalikni bilarsan,
Har qancha jafo cheksang, oxir bir kun o‘larsan,
O‘qib besh vaqt namozing, Haqqa shukur qilarsan,
Oltmish yoshga borganda, qariganing bilarsan,
Ekkaning samarin ko‘r – oxir, xirmonga kelding.
Yetmish yoshga borganda, qoning qochar yuzingdan,
Sadaf tishlar to‘kilar, shu’la ketar ko‘zingdan,
Quvvat sendan ayrilar, mador uchar tizzangdan,
Hech kishi hayiqarmi bul chog‘ aytgan so‘zingdan,
Sakson yoshga borganda ko‘ngling qolar o‘zingdan,
Ketar bo‘lsang dunyodan, yaqosiz to‘nga kelding.
Maxtumquli, emgakdir, har kim to‘qsondan o‘tsa,
Kam-kam bo‘lar jahonda agar yuz yoshga yetsa.
Hech kimdan tavfiq bo‘lmas, ajal yoqangdan tutsa,
Iymoningni qozonsang, yo‘lingni ravon etsa,
Oxir qismating shudir-taning yer ichra yotsa,
Eshigi, tuynugi yo‘q zulmat makonga kelding.
AYRILMADIMI
Nuridan yaratdi ikki azizni,
Bug‘doy yeb, behishtdan ayrilmadimi?!
Uch yuz yil axtarib, sargardon bo‘lib,
Odam Havosidan ayrilmadimi?
Odam Ato haj ayladi bosh bila,
Yuzin yuvdi ko‘zdan oqqan yosh bila,
Qobil urdi ul Hobilni tosh bila,
Ini og‘asidan ayrilmadimi?
Avvalo yer yuzi kufurda bo‘ldi,
Nuhning azob suvi dunyoga to‘ldi,
Musulmon bo‘lganlar kishtiga mindi,
Nuh ham o‘z o‘g‘linnan ayrilmadimi?!
Payg‘ambar podisho, xalifa bo‘lib,
Qo‘liga muhr olib, nasihat qilib,
Bir kuni ko‘nglina manmanlik kelib,
Dovud qirq o‘g‘lindan ayrilmadimi?!
Dovud o‘ldi, farzandina yer qoldi,
Xudoyimdan anga bir uzuk keldi,
Nurdan bo‘lg‘on ul uzukni dev oldi,
Sulaymon taxtindan ayrilmadimi?!
Haqning o‘zi bilan so‘zlashg‘an Muso,
Ul vaqtda yo‘q erdi aningdek raso.
Bibi Maryam o‘g‘li hazrati Iso,
Qochib, kofirlardan ayrilmadimi?!
Ibrohim payg‘ambar dunyog‘a keldi,
Orzu-armon ila Hojarni oldi.
Ko‘p o‘t yoqib, Namrud otashga soldi,
Namrud o‘z qizidan ayrilmadimi?!
Ya’qub yig‘lab, ojizlandi ko‘zidan,
Bir foyda topmadi aytgan so‘zidan.
Orzuli yorindan, guldek yuzidan,
Yusuf Zulayxodan ayrilmadimi?!
Payg‘ambar-Choriyor, yoshin to‘kardan,
Shayxlar muridindan, shohlar no‘kardan.
To‘ti hamrohidan, zanbur shakardan,
Bulbul gulistondan ayrilmadimi?
Maxtumquli, ta’lim olg‘il ustoddan,
Bul dunyoda har kim kechar bir otdan,
Layli Majnunindan, Shirin Farhoddan,
Vomiq Uzrosidan ayrilmadimi?!
BIR-BIR NAVBATINDA O‘TIB BORODIR
Dunyog‘a e’timod etmang, yoronlar,
Kimga kelib, kimdan ketib borodir.
Misoli Iskandar shohlik qilg‘onlar
Bir-bir navbatinda o‘tib borodir.
Birovni boy aylar, birovni gadoy,
Ne qilsa erkinda-ul qodir Xudoy,
Birovning murodin beribon, hoy-hoy,
Birov g‘am sharobin totib borodir.
Birovga beribdir g‘am, qayg‘u, zahmat,
Umrinda bir zamon ko‘rmadi rahnat,
Birovlarga aylab nomardni ulfat,
Aning umri «oh!» deb, o‘tib borodir.
Birovning boshinda bisyor tumani,
Qayg‘u hasrat bilan chiqadir joni.
Birovga pesh aylab goho yomonni,
Noiloj dunyodan o‘tib borodir.
Nechalar yig‘laydir maqsadin topmay,
Nechalar oh aylar og‘zini yopmay,
Bir chaman
114
Yomon ot, ulov!
[Закрыть] sovrinni olodir chopmay,
Bir bedov kezmakda, qaytib borodir.
Dunyo deb g‘am chekma, qilma andisha,
Sabr ayla balosi, ko‘n bul qilmisha,
Yig‘labon, g‘am birla yurma hamisha,
Ajal qo‘li yoqang tutib borodir.
Maxtumquli aytar elga nasihat,
Xudog‘a qul bo‘ling, Rasulg‘a ummat.
Bilsangiz dunyoning hammasi hasrat,
Hasrat billa bir-bir o‘tib borodir.
UNIB-O‘SGAN O‘Z YURTINGDAN AYRILMA
Mastona yurguncha g‘ayri yurtinda,
Unib-o‘sgan o‘z yurtingdan ayrilma.
Mag‘rur kaklik kabi nafsing o‘g‘runda,
Domga tushib, qanotingdan ayrilma.
Tavakkal et, xalqqa siring berib bor,
Sabr aylagil, besabrlik ham, bekor.
Qay yerga bormagil nasibangdir bor,
«Boy bo‘lay» deb, izzatingdan ayrilma!
Nomardlar ham muxannaslar, nochorlar –
Taoming yeb, ishing bo‘lsa qocharlar.
Siringga oshiqib, aybing ocharlar,
Qadring bilgan ulfatingdan ayrilma!
Gadolarning ko‘ngli shohlik istayur,
Nodon ko‘ngli yolg‘on so‘zni rost deyur,
Beqadrlar dushmaningni do‘st deyur,
Ta’lim bergan ustozingdan ayrilma!
Kimsa qashshoq bo‘lib, kimsa boy bo‘lar,
Har kimsaning baxtu iqboli bilar,
Boshingga ne kelsa tilingdan kelar,
Maxtumquli, xalq yodindan ayrilma.
YOMG‘IR YOG‘DIR, SULTONIM!
Seningdek qodirdan tilak tilarman,
Rahm aylagil, yomg‘ir yog‘dir Sultonim,
G‘aribam, g‘amginam, nolish aylarman,
Rahm aylagil, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!
Qodir Ollo, to‘kkil rahmat boronin,
Ekinning hamdasti, yerning yoronin,
Yeru ko‘kning, arshu kursning Subhoni,
Rahm aylagil, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!
Bulbullar mast bo‘lib, olam yashnasin,
Qayg‘ular daf’ bo‘lsin, g‘amlar jo‘shmasin,
No‘shirvon vaqtidek hamma xo‘sh bo‘sin,
Rahm aylagil, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!
Rahmating eshigi arshdan ochilsin,
Nuring inib, yer yuzina sochilsin,
Olamning gard-g‘ubor to‘ni yechilsin,
Rahm aylagil, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!
Olam taqdir ko‘zlar-Haqning farmoni,
Jahonni qoniqtir ketsin armoni,
O‘zingdadir dardlilarning darmoni,
Rahm aylagil, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!
Banda-bechoraman, ne bordir manda,
Rahimsan, rahmonsan, karam ko‘p sanda,
Iloj aylamasang, qoldik armonda,
Rahm aylagil, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!
Dargohdan tilanar nolishli qullar,
Munojot aylabon ochilar tillar.
Barakot yiborgil, yayrasin ellar,
Rahm aylagil, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!
Maxtumquli, ishqing aylar iroda,
Ishqing kamol toptir, qo‘yma aroda,
Yetirgil maqsad-kom, mahshar muroda,
Rahm aylagil, yomg‘ir yog‘dir, Sultonim!
BUNDA, CHILIMKASH
Haq senga so‘z demas yolg‘on jahonda,
Bilganing qilaver munda, chilimkash,
Tarozi qurilg‘on hayhot kuninda,
Javobing ne bo‘lur anda, chilimkash.
Jafolar hasratlar ko‘rar shum saring,
Eshshakday hangrarsan, torayar yering,
Og‘zingdan kelodir dudli qon, yiring,
Bir nishona shuldir senda, chilimkash.
Malaklar maydonda tutib-saqlarlar,
Tamug‘ o‘rtasig‘a eltib bog‘larlar,
Siynalaring pora-pora dog‘larlar,
Chum qolarsan qaro kunda, chilimkash.
Pul-sirot ustina o‘qlarlar seni,
Zulmatga solarlar, beklarlar seni,
Zanjir, kunda birla saqlarlar seni,
Azobda, hasratli konda, chilimkash.
Andomingdan obi-zahar to‘karlar,
So‘ngaklaring bo‘g‘in-bo‘g‘in so‘karlar,
Bug‘ro misol qumursqalar so‘qarlar,
Zahmi chiqmas, qolar tanda chilimkash.
Har kimki foniyda do‘ndi yamona,
Ul yerda dod etar, kelar omona,
Namozin tark etgan, g‘iybat-zabona,
Yo‘ldosh bo‘lar yovuz kunda, chilimkash.
Maxtumquli, do‘zax sari boshlarlar,
Yilonlar qayrilib kelib tishlarlar,
Eltarlar, jahannam ichra tashlarlar,
O‘rtanib oh urar anda chilimkash.
MEN BENAVOGA
«Alif», avval-ibtido, hamding yetur Xudog‘a,
«Be», bo‘sh yurma qulluqda, qolsang dardu balog‘a.
«Te», tur xobi-g‘aflatdan, umring kelmish o‘rog‘a,
«Se», Saqar bor, hozirlan, «Jim» jahd ayla yarog‘a,
«He», hilmning hurmati-rahm et men benavog‘a.
«He», hasratli alamni mendan o‘zga kim aylar,
«Dol», dardimg‘a davoni, Sendan o‘zga kim aylar,
«Zol», zamrai-gunohga, «Re» rahming malham aylar,
«Ze», zo‘r aylasa xashming, kullisin barham aylar,
«Sin», saharlar bedor et, sol chashmimni uyg‘og‘a.
«Shin», shavqingga tushganlar, «Sod», sabr etib turmaslar,
«Zod», ziyongni sezganlar, hoy, yurarlar, hormaslar,
«To», tolibi-diydoring, orom-qaror qilmaslar,
«Zo», Zohirdir, «Ayn», ilming bildirmasang bilmaslar,
«G‘ayn», g‘aflat ichinda qo‘yma meni firog‘a.
«Fe», fikringni qilg‘onga «Qof» qudrating yetmasmu,
«Kof», «kun» degan binongga «Lom» lam’ating yetmasmu,
«Mim», men ma’ni uqqanga «Nun» ne’mating yetmasmu,
«Vov», vaslingga yetguncha «He» hijrating yetmasmu.
«Lom-alif», yo‘qdir inonch dunyoyi bevafog‘a.
«Yo», yolg‘onchi dunyoning peshasi ol bilandir,
Ollin ko‘rib quvonma, tubi zavol bilandir,
Charxning ishi har zamon bir ayri hol bilandir,
Maxtumquli, bir ko‘nglim yuz ming xayol bilandir.
Ishim oson etmasang, do‘nar yo, alas-salog‘a.
DARD INGRAYDIR
Ey yoronlar, musulmonlar,
Yuragimda dard ingraydir,
Bir boy o‘g‘lining qo‘linda,
Sadranj o‘ynab nard ingraydir.
Kelib-ketma mundan nomard,
Aqling uchar, bo‘larsan mot.
Baland tog‘da yoqarlar o‘t,
Ho‘lu quruq gard ingraydir.
Qiz ko‘rdim turkman ko‘chinda,
Mushki-anbar bor sochinda,
Yaylog‘da, yilqi ichinda,
Bo‘z qulon, g‘irot ingraydir.
Maxtumquli so‘zim haqdir,
Haq so‘zga tan bergan yo‘qdir,
Gar yigitda o‘g‘il yo‘qdir –
O‘choq yitib, yurt ingraydir.
TUZAMOQ BILA
Yetmish yoshli qardosh kirmagil yoya,
O‘qing yo‘lga tushmas xez etmak bila,
Quvonma kesakdan bo‘lg‘an binoya,
Kesak bino tutmas tuzatmak bila.
Odamzoddan chiqar odamlik isi,
Qallobning damo-dam chiqadir misi.
Mo‘‘minni ozorlar odamning pesi,
Do‘nib da’vo boshlar tuz-namak bila.
Uzoq yo‘lga bedavlatni bosh etma,
Olloning amrindan ko‘ngling tash etma,
Nokasga dil yorib, siring fosh etma,
G‘alvirda suv turmas har netmak bila.
Do‘st tutma qartaygan odam ko‘sasin,
Borin yo‘q deb, bo‘sh ko‘rsatar kissasin.
Birubor bo‘sh etsa boshing kosasin,
Ne foyda tashindan bezatmak bila.
Avvalo, Firog‘iy, o‘zing tuzatgil,
O‘zni o‘zgalarga ibrat, ko‘z etgil,
Kam yegil, kam uxla, so‘zing oz etgil,
Ne sud ma’nisiz so‘z uzaytmak bila.
FOSH ETAR SENI
Ichki siring aytma har bir nomardga,
Siring elga yoyib fosh etar seni,
O‘g‘ri-kazzob bilan o‘badosh bo‘lma,
Molingnan ayirib, och etar seni.
Hargiz laqma bilan o‘tirma, turma,
Zinhor nomard bilan so‘z-suhbat qurma.
Qadrdon do‘stingdan yuzing o‘girma,
Borsang, ul boshiga toj etar seni.
Bir g‘o‘ch yigit nozaninga yor bo‘lsa,
Jamolini bir ko‘rmakka zor bo‘lsa,
O‘rtalig‘da bir shum raqib bor bo‘lsa,
Yaxshi do‘sting bilan o‘ch etar seni.
So‘filar sahv etib aytmas sanoni,
Sahar tursang, kechgay kulli guno(h)ni.
Aytma hech g‘iybat so‘z, etma zinoni,
Do‘zaxning o‘tig‘a duch etar seni.
Maxtumquli, elga yoyding nasihat,
Zinhor yomon bilan bo‘lmangiz ulfat,
Xudoy bersa saodatli bir farzand,
Qarigan chog‘ingda yosh etar seni.
FONIY DUNYO O‘TAR – KETAR
Ko‘nglim, past tutg‘il o‘zingni,
Foniy dunyo o‘tar-ketar,
Kim qadamin to‘g‘ri qo‘ysa,
Guzardan bexatar o‘tar.
Bilmasang jimib kechaver,
Bilsang, xush guftor ochaver,
So‘z yarosindan qochaver,
Tig‘ yarasi bitar-ketar.
Asli yotga chekma jafo,
Badaslda bo‘lmas vafo,
Har kas bo‘lsa gar nosafo,
Obro‘sini to‘kar-ketar,
Yo‘ldosh bo‘l sof kishi bilan,
Xizmat qilar boshi bilan,
Ish solishsang noshiy bilan,
Tog‘-toshlarga otar-ketar.
Maxtumquli, borsang mundan,
Xayru sharr so‘ralar sendan,
Shirin jon ayrilsa tandan,
Qum-tufroqqa botar-ketar.
TUMOR KO‘RDIM
Haqiqat daftarin ochdim,
Bir yozilgan tumor ko‘rdim,
Bul yurtdan ul yurtga ko‘chdim,
Yurtin bo’etibor ko‘rdim.
Bir uyda bor o‘n ikki xon,
Xush kelibsiz aziz mehmon,
Bir sufrada to‘rt issiq non,
Ustinda yetti nor ko‘rdim.
Mustafog‘a indi varoq,
Munkir bo‘lg‘an dindan yiroq,
Bir uyda o‘n ikki chiroq,
To‘rt mash’al, bir yonar ko‘rdim.
Bul dunyoning qirog‘inda
Shajarlar o‘smish bog‘inda,
Besh olma bor butog‘inda,
Osilmish, barqaror ko‘rdim.
Maxtumquli, ne fikring bor,
O‘tdi umring, qil ro‘zigor.
Yetmish ikki suruv, dovar,
Cho‘poni bir, boqar ko‘rdim.
«UYG‘ON!» DEDILAR
Yotib erdim g‘amda, keldi eranlar,
«Turg‘il, ho, o‘rningdan, uyg‘on!» dedilar.
Ko‘zim ochib, ko‘rdim jumla jahonni,
«Anov turg‘on Shohimardon» dedilar.
Eranlar jam bo‘lib, bozor ayladi,
Munofiqlar andan hazar ayladi,
Ali bobom bizga nazar ayladi,
Bir kosa may berib: «Ich-qon», – dedilar.
Uyg‘onib, g‘aflatdan ochdim ko‘zimni,
Eranlar poyina surtdim yuzimni,
O‘qitdilar, haq so‘zladim so‘zimni,
«Sakson ming kalomni bayon» dedilar.
Eranlar jam bo‘lib mundan ko‘chdilar,
Sirot ko‘priginnan bir-bir kechdilar,
Ul Havzi-kavsardan sharob ichdilar,
Ichgan shahbozlarni «Sulton» dedilar.
Firog‘iy suxan qil shahd shirin tilda,
Umidim bisyordir ur turg‘on yo‘lda.
Kunda besh vaqt namoz, ro‘za tut yilda,
«Oxirat yo‘ldoshing – imon» dedilar.